Kichik halqa yo‘lini zamonaviylashtirish loyihasi joyiga chiqib o‘rganildi

06.01.2026 / 40

Yunusobod tumani hokimi Abrorxo‘ja Saidaliyev tuman prokurori Yahyo Abdurahmonov, tuman hokimligining o‘rinbosarlari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Kichik halqa yo‘lini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha bilan joyiga chiqqan holda tanishdi.

O‘rganish jarayonida mazkur hududda aholi uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ko‘cha bo‘ylab yo‘lning ikki tomonida zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etish, manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, xizmat ko‘rsatish hamda savdo nuqtalarini loyiha asosida joylashtirish, piyodalar uchun qulay va xavfsiz yo‘laklar qurish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishда shaharsozlik me’yorlariga qat’iy rioya etish, transport harakatini samarali tashkil etish, yashil hududlarni kengaytirish hamda aholining kundalik ehtiyojlarini inobatga olgan holda kompleks yondashuvni ta’minlash vazifalari belgilab olindi.

 Mas’ul rahbarlarga belgilangan ishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Powered by GSpeech