“Kashtalar jilosi” — milliy hunarmandchilik festivali o‘tkazildi

19.06.2025 / 167

 Yunusobod tumanidagi Xotira maydonida milliy an’analarimizni, xususan, xalq amaliy san’atining betakror yo‘nalishlaridan biri bo‘lmish kashtachilikni keng targ‘ib etishga qaratilgan “Kashtalar jilosi” nomli hunarmandchilik va kashtachilik ko‘rgazma-festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbir maqsadi — ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy hunarmandchilik an’analarini saqlash, yosh avlodga uning mohiyatini anglatish, mahalliy ustalarning mehnatini e’tirof etish va ularni rag‘batlantirishdan iborat.

Tadbir tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlari hamda mahallalardagi “Yettilik” va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

 Festival doirasida milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, kashta doskalari hamda qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan noyob eksponatlar namoyishi etildi. Kashtachilik bo‘yicha mahorat darslari — yoshlar va qizlarni ushbu san’atga jalb etish maqsadida ustalar tomonidan amaliy o‘quvlar, hunarmandchilik mahsulotlari savdo-yarmarkasi — mahalliy ustalar o‘z ijod namunasi va mahsulotlarini xaridorlarga taklif etishdi. Musiqiy va madaniy dasturlar — laparlar, aytishuvlar va taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil qilindi. Shuningdek, yosh iqtidorli qizlar ishtirokidagi tanlovlar va ko‘rgazmalar o‘tkazildi.

 Festivalning eng qizg‘in qismi — turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘ldi. 

“Eng yaxshi kashta”, “Eng yaxshi kashtaduz”, “Kashtaduzlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”,

“Qadimiy an’analarni qayta tiklagan kashtaduz”,  “Eng kreativ kashtaduz”,

“Eng yosh shogird” kabi yo‘nalishlarda g‘oliblar tanlab olinib, maxsus diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

   Har bir eksponat, har bir kashta, har bir naqsh orqali xalqimizning tarixi, madaniyati, hayot tarzi va qalb hissi mujassam etilgani tadbir mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.

   Festivalda ishtirok etgan hunarmandlar o‘z faoliyatlari, ilhom manbalari va tajribalari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdi. Bu esa yoshlar uchun har tomonlama foyda bo‘ldi.

   Bunday tadbirlar milliy merosimizni saqlash, hunarmandlik an’analarini rivojlantirish hamda mahalliy ustalarni keng jamoatchilikka tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Powered by GSpeech