“Karyera kuni” o‘tkazildi
Yunusobod tumanidagi 246-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bitiruvchi o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarga yo‘naltirish, kasb tanlash va o‘quvchi shaxsining kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari maqsadida “Karyera kuni” o‘tkazildi.
Tadbirda Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktab rahbarlari, pedagoglar va ota-onalar taklif qilindilar. Shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan vakillar ishtirok etib, o‘quvchilarga oliy ta’limga kirish va kasb tanlash bo‘yicha kerakli ma’lumotlar berdilar. Tadbirda oliy ta’lim muassasalari, xususiy va davlat universitetlaridan, shuningdek, turli kasb sohalari bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi va o‘quvchilarga o‘z kasblari va tajribalari haqida fikrlarini bildirdilar.
Тadbirning asosiy maqsadi – yoshlarning kelajakda to‘g‘ri kasb tanlashi, ularga ishlash imkoniyatlari, oliy ta’limga kirish yo‘llari, shuningdek, zamonaviy mutaxassislarga bo‘lgan talablar haqida ma’lumot berish edi. O‘quvchilarga, shuningdek, turli kasb sohalaridagi muvaffaqiyatli insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, ularning ish tajribalari, hamda kasbdagi kutilgan va amaliy jihatlar haqida so‘z bordi.
— Biz karrerlar kunida o‘qishga kirish va ishga joylashish uchun zarur ma’lumotlarni oldik,— dedi maktab o‘quvchilaridan biri Rustam Kamolov. Bu yil maktabni bitiramiz. Qaysi oliy o‘quv yurtiga kirsak ekan degan o‘y bor edi. Bu yerda bizga Toshkent shahridagi barcha oliy ta’lim muassalari haqida ma’lum berildi. Men Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kirishga ahd qildim. Buning uchun tashkilotchilarga kattakon rahmat.
Mazkur tadbir nafaqat ishga joylashish va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish, balki birinchi navbatda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan. Zero, ish bilan ta’minlangan yoshlar – yurtimizning muvaffaqiyati, tinch kelajagi demakdir. Shuningdek, tadbirda yoshlarga o‘zlarining shaxsiy qiynalishlari va muammolarini hal etishda yordam berish maqsadida psixologik ko‘mak ko‘rsatish punktlari ham tashkil etildi.
—Bugungi tadbir biz bitiruvchilar uchun ayti mudao bo‘ldi,— deydi bitiruvchilardan biri Hilola Sindarova.—Men xorijiy tillarni o‘rganayapman. Hozir ingliz tili kursini tamomladim. Endi Xitoy tilini o‘rganmoqchiman. Bu yerda menga o‘z yo‘nalishim bo‘yicha bir nechta universitetlarda tahsil olishim uchun ma’lumotlar berildi. Men Jahon tillari universitetiga o‘qishga kirishim uchun o‘zimda kuch topdim.
O‘quvchilar uchun maxsus sessiyalar va savol-javob shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi, ularda o‘qishga oid savollar, kasb tanlash va kelajakdagi maqsadlar haqida axborot olish imkoniyati yaratildi. Universitet va kasblarning turli yo‘nalishlariga qiziqqan yoshlar uchun zarur ma’lumot va maslahatlar berildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan yana biri — bu yoshlar uchun ish o‘rinlari va malaka oshirish dasturlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi. Bundan tashqari, yoshlarga treninglar, stajirovka va o‘quv kurslarini tashkil etish orqali, ularning kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi.
Tadbirda qatnashgan barcha oliy ta’lim muassasalari va kasb sohalari vakillariga katta minnatdorchilik bildirildi, chunki ular yoshlarning kelajak kasblariga bag‘ishlangan savollariga to‘g‘ri va aniq javoblar berib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.
Tadbirning yakunlarida, ishtirokchilarga sertifikatlar va tashakkurnomalari taqdim etildi. Shuningdek, har bir yosh o‘quvchi uchun shaxsiy kasb va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yordam ko‘rsatish maqsadida ishga joylashish va ta’lim olish uchun kerakli ma’lumotlar taqdim etildi.
O'zbekcha
Русский
English