Kambag‘allikni qisqartirish borasida navbatdagi dadil qadamlar
Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda
Ba’zan odam o‘zini yolg‘iz his qiladi. Jamiyat, hatto oilasi uchun muhim emasdek holatda bo‘ladi. Kimlardadir shunday paytlar bo‘ladiki, ularni pulsizlik qiynaydi. Yetishmovchilik sabab asosiy ehtiyojlarini ham qondira olmaydi.
Yana kimdir oliy ta’lim ololmayotganidan afsus qiladi. Boshqasiga esa malakali tibbiy xizmat kerak. Teatr va kinolar, madaniy va ma’rifiy tadbirlarsiz o‘tayotgan kunlarini rangsiz deguvchilarni ham qoralab bo‘lmaydi...
Bu kabi turli holatlarni bir so‘z – “yetishmovchilik” bir-biri bilan bog‘lab turadi.
Insonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan yetarli sharoitlarga ega bo‘lmasligi kambag‘allik deyiladi. Zamon rivojlanib borar ekan, odamlarning istaklari, yashash sharoiti ham shunga mos tarzda o‘saveradi. Kambag‘allikni asoslovchi o‘lchovlar ham o‘zgarib boradi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatida mamlakatni taraqqiy ettirishda xalqni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam. Mas’ullarga odamlarning ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi uchun sharoit yaratish talabi qat’iy qo‘yganligi zamirida ham shu niyat bor.
Muammoni qisqa davrda hal qilish va natijaga erishishning asosiy sharti kamchiliklarga tik qaray olishdir. O‘zbekistonda ham 2020 yil aholining muayyan qismi kambag‘al ekani tan olindi. Ularga ko‘maklashish choralari ko‘rila boshladi. Tegishli tizim joriy qilingani samara berdi. Natijada uzoq yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan uch million nafardan ziyod odamning sharoiti yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Maqsadlar katta. Kelgusi uch yilda hozirgi 11 foizlik holat 7 foizga qisqartiriladi.
Natija o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Buning uchun ko‘rilgan huquqiy, moliyaviy va tashkiliy choralar takomillashtirib borilishi kerak. Keyingi bir-ikki oyda bu bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Davlat rahbari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazilib, istiqboldagi rejalar belgilandi. Tegishli hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 sentyabrda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 23 sentyabrda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmonlari imzolandi.
Shuningdek, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilindi. 4 oktyabrda esa davlat rahbarining “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Bu hujjatlar hududlarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarining natijadorligiga erishishda izchillikni yanada jonlantiradi.
– Prezidentimiz tomonidan imzolangan har bir hujjat muhim ahamiyatga ega, – deydi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassisi Abbos Omonov. – Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan farmonga to‘xtalmoqchiman. Shu paytgacha kambag‘allik umumiy deb e’tirof etilgan bo‘lsa, hozirda uning ko‘p o‘lchovli ekani hayotiy misollarda yaqqol ko‘rinmoqda. Aytaylik, tibbiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilmadagi muammolar kambag‘allikni keltirib chiqaradi. Noyabr oyida boshlab “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida tegishli ishlar amalga oshiriladi. Aholini yuqori daromadli barqaror ish bilan ta’minlash, yoshlar innovasion va raqamli texnologiyalarga asoslangan ta’lim olishi hamda kasb-hunar o‘rganishiga e’tibor yanada ortadi.
Darhaqiqat, endi barcha qatlamlarning tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish hamda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida kompleks chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi. Natijada shu yilning qolgan davrida besh yuz ming, kelgusi yilda bir million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
Bu ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning hamda davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.
– Endi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi. – deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sobir Hayitmurodov. – Unga ko‘ra, kelgusida sharoiti og‘ir bo‘lgan tumanlar tanlab olinadi. Bu qanday amalga oshiriladi? Dastlab, tegishli tartibdagi takliflarga asosan eng og‘ir ahvoldagi mingta mahalla tanlab olinadi. O‘sha hududlarning infratuzilmasini yaxshilash dasturi tasdiqlanadi. Bunda keyingi ikki yilda o‘sha mahallalarda tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash, ularga elektr energiyasi barqaror yetkazib berish, internet sifatini oshirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilmani yaxshilash maqsadlari uchun jami 3,2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Hujjatda tuman va shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish degan talab bor. Bu o‘sha hududlardagi kamida bittadan mahallada «yashil mahalla» loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunda ularda yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma tashabbuslar uchun ham davlat byudjetidan mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Farmonda, odamlar baxtli yashashi, kambag‘allikdan chiqishi uchun yana ko‘plab bandlar keltirilgan. Ularning ijrosi qanday bo‘lishi, kimlar mas’ul ekani aniq ko‘rsatilgan. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda bu boradagi masalani hal qilish borasida navbatdagi dadil qadamlar tashlandi.
E’tibor qilinsa, kambag‘allikni qisqartirishga davlat byudjetidan oz mablag‘ ajratilmayapti. Uning maqsadli sarflanishi esa hammasidan muhim. Yangi qabul qilingan hujjatlar ijrosini uyushqoqlik bilan tashkil etish esa ezgu va katta niyatlar ro‘yobini ta’minlaydi.
Ikrom AVVALBOYeV,
O‘zA muxbiri
O'zbekcha
Русский
English