"Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Samarqandda "Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Unda, jumladan, Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Prezidentimizning anjuman ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdim.
Davlatimiz rahbarining murojaatida iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri va an’anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanishi ta’kidlangan. Atom energiyasi bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki berishi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovasion iqtisodiyotga o‘tish uchun imkon yaratishiga ishonch bildirilgan.
Shuning uchun mamlakatimizda sohaning huquqiy-institusional asosi mustahkamlandi, maxsus agentlik tashkil etildi, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi joriy etildi. Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi.
Prezidentimiz o‘z murojaatida Xalqaro atom energiyasi agentligiga O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Samarqanddagi anjuman Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish bo‘yicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun g‘oyat zarur muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab, uning ishiga muvaffaqiyat tiladi.
O'zbekcha
Русский
English