HURMATLI YUNUSOBOD TUMANI AHOLISI!
Sizlarga ma’lum qilamizki, L-DOK-1 va L-DOK-2 yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi va hududingizdagi elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Eslatib o'tamiz, mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ-91-sonli "Toshkent shahrida iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi hamda poytaxt energiya tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli dasturning bir qismi hisoblanadi.
18-23 aprel kunlari davomida amalga oshirilgan ishlar doirasida:
- 21 672 metr uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari to‘liq almashtirildi,
- 6 ta professional brigada, 130 dan ortiq mutaxassis va ishchilar jalb etildi,
- 60 ga yaqin maxsus texnika ishlatildi va qariyb 20 ming aholining elektr ta'minoti yaxshilandi.
Ishlar texnik jihatdan juda murakkab bo‘lib, qisqa muddatlarda va xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilish talab etiladigan sharoitlarda olib borildi. Shunday bo‘lsa-da, ishlarni yakunlash bir kunga kechiktirilishga majbur bo‘lindi. Kechikishga tizimning asosiy qismlarini almashtirish jarayonida aniqlangan kutilmagan texnologik holatlar sabab bo‘ldi.
Elektr ta’minotidagi vaqtinchalik uzilishlar noqulaylik keltirib chiqarganini tushunamiz. Buning uchun rasman uzr so‘raymiz. Biroq ta’kidlaymizki, bajarilgan ishlar strategik ahamiyatga ega — bu elektr energiyasini uzatishdagi yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish, tizimning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish hamda kelajakda shunga o‘xshash vaziyatlarning oldini olish imkonini beradi.
Tushunganingiz, sabr-toqatingiz va fuqarolik mas’uliyatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.
O'zbekcha
Русский
English