Хotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Hukumat qarori (2020 yil 23 iyundagi VMQ-402-son) bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida (jami 2000 ta kvota) xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom doirasida xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
-kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining
0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar https://tavsiyanoma.ijro.uz platformasi orqali 30 maydan 8 iyunga qadar onlayn ariza qoldirishlari lozim.
O'zbekcha
Русский
English