Hokim "Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi ijrosini o‘rgandi

05.05.2025 / 164

  Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev "Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Posira mahallasida bo‘ldi.

  Hokim mahalladagi ko‘p qavatli uylar fasadlarini ta’mirlash, tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti tarmoqlarini yangilash, piyodalar uchun yo‘laklar qurish va mavjudlarini ta’mirlash, bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchasini yangidan qurish kabi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan bevosita tanishdi.

  Hududda olib borilayotgan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining borishi, ularning sifat va muddatga rioya qilingan holda amalga oshirilayotgani o‘rganildi. Hokim tomonidan mas’ul tashkilot rahbarlariga ishlarni tez va samarali tashkil etish, aholiga yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

  Mahalla faollari, nuroniylar va mahalliy aholi bilan muloqot jarayonida hududdagi dolzarb muammolar, xizmat ko‘rsatish sifati, sanitariya holati va infratuzilma bo‘yicha takliflar tinglandi. Aholining takliflari asosida qator vazifalar belgilandi va ularning yechimi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar yuklanib, ijrosi nazoratga olindi.

Powered by GSpeech