Har juma — "Milliy liboslar kuni"
Yunusobod tumanidagi Doni Zokirov nomidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida aprel oyi davomida o‘tkazilayotgan "Milliy qadriyatlar oyligi" turkumi doirasidagi tadbirlar keng qamrovli madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda tashkil etilmoqda. Xususan, har juma kuni maktabda an’ana sifatida o‘tkazilayotgan "Milliy liboslar kuni" nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasida ham katta qiziqish va iliq munosabat uyg‘otmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlod ongida milliy o‘zlikni anglash, milliy madaniyatimiz, qadimiy urf-odat va an’analarimizni asrash va targ‘ib qilish orqali ularda milliy iftixor va estetik didni shakllantirishdan iborat.
O‘quvchilar O‘zbekistonning turli hududlariga xos an’anaviy milliy kiyimlarda maktabga tashrif buyurib, bir-birlari bilan taassurot almashishmoqda. Bu esa ularning nafaqat o‘z hudud madaniyati, balki boshqa hududlarning madaniy merosi bilan ham yaqindan tanishishiga imkon yaratmoqda.
Maktab hududida tashkil etilayotgan milliy liboslar ko‘rgazmalari, ijodiy chiqishlar, milliy raqs va qo‘shiqlar tadbirni yanada mazmunli va jozibador qilib, bolalarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim o‘rin tutmoqda.
Har bir "Milliy liboslar kuni" yakunida milliy obrazda faol ishtirok etgan o‘quvchilar alohida e’tirof etilib, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanmoqda. Bu esa ularni yanada faol va ijodkor bo‘lishga ruhlantirmoqda.
Bunday tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyatga ega tadbirlarni samarali va yuksak darajada tashkil etishda maktabning badiiy rahbari Zulfiya Abdurazakovaning fidoyi mehnati va tashabbusi alohida e’tirofga loyiq. Uning rahbarligida o‘quvchilar milliy qiyofadagi, zamonaviy ruhdagi kompozisiyalar bilan chiqish qilib, milliy qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rnini zamonaviy talqinda namoyon etmoqdalar.
"Milliy liboslar kuni" maktab hayotida milliylikni asrab-avaylash, yoshlarda madaniy merosga bo‘lgan hurmat va qiziqishni oshirish, shuningdek, bu boy merosni kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim loyiha sifatida xizmat qilmoqda.
O'zbekcha
Русский
English