Fuqarolar yigʻini raisi saylovi ko‘tarinki ruhda o‘tdi

01.05.2025 / 52

Xabaringiz bor, bugun yurtimiz bo‘ylab Mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylovlar boshlandi. Ushbu muhim jarayon mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Yunusobod tumanida ham yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Xususan, tumandagi Hasanboy mahallasida o‘tkazilgan saylov jarayoni katta tayyorgarlik bilan fuqarolarning faol ishtiroki va yuksak kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Saylov uchun maxsus belgilangan 354-sonli umumta’lim maktabida qonunchilikda belgilangantartibda, barcha talablarga mos ravishda tashkil etildi.

Saylovda jami 233 nafar vakil ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 210 nafari faol ishtirok etdi. Bu mahalladagi aholining fuqarolik burchiga mas’uliyat bilan yondashganini va o‘z taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatadi. Saylov jarayoni ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tdi, barcha fuqarolar o‘z xohish-irodasiga binoan ovoz berishdi.

Natijalarga ko‘ra, 197 nafar saylovchi o‘z ovozini Rustamov Xamid Ergashevichga berdi va u mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga qayta saylandi. Qolgan ovozlar boshqa nomzodlar o‘rtasida taqsimlandi.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, Rustamov Xamid Ergashevich so‘nggi 19 yil davomida ushbu mahallada raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U fuqarolarning dardu tashvishiga quloq tutgan, ularning muammolarini hal etishga, mahallada ahillik va totuvlikni saqlashga bor kuch-g‘ayratini bag‘ishlagan inson sifatida tanilgan. Shu bois, mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolar unga yuksak ishonch bildirib, uni yana raislikka munosib deb topdilar.

Powered by GSpeech