"Dolzarb bir oylik": Aholi bandligi va farovonligi ta’minlanmoqda
Ma’lumki, Prezidentimizning “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholining bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi farmoyishiga ko‘ra, joriy yilning 11 martidan boshlab "Dolzarb bir oylik" safarbarligi e’lon qilindi. Yunusobod tumani hokimi boshchiligida ushbu safarbarlik doirasida mavjud 64 ta mahallada kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ariq va zovurlarni tozalash bo‘yicha ommaviy hashar va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Oylik doirasida "Yashil makon" umummilliy loyihasiga alohida e’tibor qaratilib, markaziy va shox ko‘chalar, ijtimoiy ob’yektlar atroflari hamda mahallalarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Kambag‘al oilalar a’zolari hamda ishsiz fuqarolarga moliyaviy ko‘mak paketlari berilmoqda, bu yuzlab insonlarning xonadoniga farovonlik olib kirmoqda. Hokimlik tomonidan kambag‘al oilalarning og‘ir kasalligi va nogironligi bo‘lgan a’zolarining davolanishiga ko‘maklashilmoqda, farzandlarini xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Poytaxtimizning Yoshlar ijod saroyida Yunusobod tumani hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda tijorat banklari bilan hamkorlikda mehnat va loyihalar yarmarkasi o‘tkazildi. Unda tumandagi 40 dan ortiq korxona va tashkilotlar 3000 dan ortiq ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Loyihalar yarmarkasida tumandagi mavjud tijorat banklari hamda tadbirkorlar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan fuqarolar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirda moliya muassalari va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, yangi biznes loyihalarni muhokama qilib, fuqarolar esa o‘z ish joylariga ega bo‘ldi. Loyihalarda mahallada tikuvchilik syexlarini yo‘lga qo‘yish, qandolatchilik, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish va servis, o‘quv markazlarini ochish kabi sohalar qamrab olingan.
—Men loyihalar yarmarkasiga o‘zimning loyihamni olib keldim,—deydi O‘ktam Abdurahmonov. Loyihamda mahallada sog‘lomlashtirish markazini ochish maqsad qilingan. Bundan tashqari, kiyim-kechak, qandolatchilik, mebelsozlik kabi tarmoqlarni ham yo‘lga qo‘ymoqchiman. Loyihalar yarmarkasida tuman hokimligi hamda tijorat banklari bilan suhbat qildik. Loyihaning qiymati va sarf-harajatlarini hisob-qitob qildik. Banklardan imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Ushbu loyiham ishga tushsa, yuzdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Ahamiyatlisi, har bir loyiha amaliyotga tatbiq etilishi bilan minglab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
—Yunusobod tumani hokimligi tomonidan muntazzam ravishda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar orqali yuzlab tadbirkorlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, minglab ish o‘rinlarini yaratmoqda,—dedi Yunusobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Avazbek To‘laganov. — Xususan, o‘tgan yili o‘tkazilgan loyihalar yarmarkalarida 300dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etgan bo‘lsa, ular tomonidan mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan. Bu galgi loyihalar yarmarkasida tadbirkorlar tuman hokimligi va moliya muassasalari mutasaddilarini o‘z loyihalari bilan birma-bir tanishtirib chiqdi.
Tadbirda yuzga yaqin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar tomonidan kompyuter savodxonligi, buxgalteriya, ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, pazandachilik, qandolatchilik, mebelsozlik va uy hamshiraligi yo‘nalishlarida mikro loyihalarni ishga tushirish yuzasidan taqdimot qilindi. Tuman hokimligi mutasaddilari va tijorat banklar mas’ullari har bir taqdimot ishi bilan batafsil tanishib, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.
—Tadbirda yunusobodliklar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldi,—deydi Yunusobod tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari Shag‘zoda Iragimova. — Boisi, ishsiz kasbu-hunari yo‘q fuqarolar kasbiy yo‘nalish berish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar, hunarmandlar hamda ish beruvchilar ishtirokchilarga o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berib, xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va mehnat munosabatlariga oid boshqa ma’lumotlarni taqdim qildi.
– Mehnat yarmarkasi men uchun juda ahamiyatli bo‘ldi, - deydi Dilafruz Badalov. – Ishsiz, kasbsiz, uyda o‘tirgan edim. Yarmarkaga kelib, o‘quv markazida bepul o‘qishim uchun vaucher oldim. Men endi Kasbiy ko‘nikmalar markazi tomonidan buxgalteriya yo‘nalishida bepul o‘qib, bitirganimdan keyin ishga kirishimni umid qilaman. Juda xursandman.
—Men ham o‘zimga mos bo‘lgan ishga kirdim,—deydi Sobirobod mahallasida istiqomat qilayotgan Barno Boboyeva. Bu yerga kelib, ishli bo‘ldim. Kasbim bor. Ayollar sartaroshligi, pardoz-andozlash sirlarini bilaman. Shuning uchun men go‘zallik saloniga ishga qabul qilindim. Tuman hokimligiga minnatdorchiligimni bildiraman.
Mehnat yarmarkasida Yunusobod tumani Kasbiy ko‘nikmalar markazi tomonidan 20 dan ortiq ishsiz, kasbu-hunari yo‘q xotin-qizlar va yoshlarga bepul o‘qish kurslarida o‘qishi uchun vaucherlar berildi. Ushbu markazda o‘tgan yili 1212 nafar fuqarolar turli kasblarga o‘qitilib, ishga joylashtirilgan. Joriy yilning birinchi choragida 332 nafar ishsiz, kasb hunari yo‘q fuqarolar o‘qitilib, doimiy bandligi ta’minlangan.
Bugungi kunda Yunusobod tumani hokimligi tomonidan bor kuch va imkoniyatlar aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish, mahallalarda ichki imkoniyatlardan samarali foydalanib, hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishiga safarbar qilinmoqda. Natijada, aholi bandligi va oilalar daromadi oshib, Yunusobod kambag‘allikdan holi hududga aylanib bormoqda.
Mehroj Darxanov,
Yunusobod tumani hokimi matbuot kotibi
O'zbekcha
Русский
English