"Dolzarb 90 kun": Yunusobodda yoshlar uchun mazmunli tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda
Yunusobod tumani hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va jismoniy rivojlanishi, ijtimoiy faolligi hamda ma’naviy-axloqiy yetukligini ta’minlashga qaratilgan bir qator amaliy tadbirlar izchillik bilan olib borilmoqda.
Xususan, 9-Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tashkil etilgan "Orom" nomli kunduzgi oromgohda o‘quvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, musiqa-ko‘ngilochar dasturlar, kitob mutolaa mashg‘ulotlari va turli ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar orqali yoshlarning dunyoqarashi kengaymoqda, ularning iqtidori yuzaga chiqmoqda va sog‘lom raqobat muhiti shakllanmoqda.
Shu bilan birga, yoshlarda Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida "Vatanga xizmat qilish — sharaf!" mavzusida ma’ruzalar, milliy armiya va harbiy soha vakillari bilan uchrashuvlar, davlat ramzlarining mazmun-mohiyati haqida suhbatlar hamda hujjatli filmlar namoyishi orqali o‘quvchilarda milliy g‘oyalarga hurmat va iftixor tuyg‘usi kuchaytirilmoqda. Shuningdek, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik burchi va mas’uliyati haqida tushunchalar berish ham loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ushbu faoliyatlar bilan bir qatorda, bilim olishga chanqoq, yuqori natijalarga erishishni maqsad qilgan yoshlar uchun ham amaliy imkoniyatlar yaratilayapti. Maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish, ularni rag‘batlantirish va tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida "Salohiyat" MCHJ bilan hamkorlikda maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi.
Ushbu kurslarda abituriyentlarga fanlar bo‘yicha chuqur bilim berish, test yechish texnologiyalari, vaqtni boshqarish, motivatsiyani yuksaltirish va psixologik tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, har bir o‘quvchi bilan individual yondashuv asosida ish olib borilayotgani samaradorlikni yanada oshirmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi orqali Yunusobodda yoshlarning faolligini oshirish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va kelajakda jamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayapti. Tashkil etilgan har bir tadbir yoshlar hayotida yangi mazmun, yangi maqsadlar va ilhom bag‘ishlayotgani bilan ahamiyatlidir.
O'zbekcha
Русский
English