Diyora Keldiyorova bilan uchrashuv maroqli kechdi
Bugun dzyudo bo‘yicha Parij Olimpiadasi chempioni, O‘zbekiston sportining faxri Diyora Keldiyorova bilan o‘tkazilgan uchrashuv barcha qatnashchilar uchun unutilmas va ilhomlantiruvchi voqea bo‘ldi. Uning yuksak yutuqlari va g‘alabalarga to‘la sport yo‘li minglab yoshlarning ruhini ko‘tarib, ular uchun haqiqiy namunaga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yaqinda Yunusobod tumanidagi 17-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi qoshida Diyora Keldiyorova nomidagi dzyudo markazi ish boshladi. Bu markazning tashkil etilishi sportchiga bo‘lgan chuqur ehtirom va kelajak avlodning jismoniy tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborning yorqin ifodasi hisoblanadi.
Bugun shu ta’lim maskanida “Chempion bilan uchrashuv” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Diyora Keldiyorova dzyudo ixlosmandlari bo‘lgan o‘quvchilar bilan ochiq muloqot olib bordi. Samimiy va iliq muhitda o‘tgan uchrashuv davomida chempion o‘zining sportdagi ilk qadamlari, muvaffaqiyatga olib kelgan omillar, shuningdek, qiyinchiliklar va ularni qanday yenggani haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ular kelgusida Diyora Keldiyorova kabi katta natijalarga erishish, yurtimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarish niyatida ekanliklarini ifoda etishdi. Quvonarlisi, ko‘plab yoshlar chempiondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri motivatsiya olib, uning shogirdlaridan biri bo‘lishga intilishlarini bildirishdi.
Uchrashuv yakunida esdalik suratga tushish, imzoli sovg‘alar ulashish kabi qiziqarli lahzalar ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari chempion bilan muloqotdan katta ta’surotlar olgan holda tarqalishdi.
Bunday tashabbuslar, albatta, yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish va sportga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirishda beqiyos ahamiyatga ega.
O'zbekcha
Русский
English