Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq ordenlar o‘z egalariga topshirildi

22.03.2025 / 162

Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmonlariga muvofiq “Do‘stlik” ordenlari topshirildi.

Ko‘p yillik samarali badiiy-ijodiy faoliyati bilan zamonaviy adabiyotimizni vatanparvarlik, fidoyilik, insoniylikni tarannum etuvchi asarlar bilan boyitish, xalqimizning ongu tafakkuri, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi, yurtimizdagi tub islohotlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, jamiyatda millatlararo do‘stlik va totuvlikni, turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, milliy madaniyatlar va an’analarni rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun shoir, ma’naviyat targ‘ibotchisi Rahimov Xushboq «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ikki tomonlama manfaatli sheriklikni rivojlantirish, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga qo‘shayotgan munosib hissasi, yurtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish, zamonaviy qurilish-arxitektura hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida istiqbolli va innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi katta xizmatlari uchun «TSC HK Investment» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Tian Shuchun ham O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Ordenlarni o‘z egalariga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov hamda Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzolar topshirdilar.

Powered by GSpeech