Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya tadbirlari o‘tkazilmoqda

28.05.2025 / 285

  Toshkent shahri Sanitar-epidemiologiya xizmati boshqarmasining Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan 173-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarining oldini olish maqsadida zarur epidemiologik-profilaktik choralar amalga oshirildi.

  Bolalar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, sog‘lom muhitni yaratish maqsadida muassasada to‘liq dezinfeksiya ishlari olib borildi. Dezinfeksiya jarayonida barcha o‘quv xonalari, yotoqxona bloklari, ovqatlanish hududlari, sanuzellar, koridorlar va umumiy foydalaniladigan joylar maxsus vositalar bilan chuqur tozalandi. Shuningdek, bolalar o‘yinchoqlari, mebel jihozlari, ovqat iste’mol qilinadigan idish-tovoqlar ham alohida tarzda ishlovdan o‘tkazildi. Har bir detal gigiyenik talablarga to‘liq javob beradigan usullar asosida tozalandi.

  Mutaxassislar tomonidan xodimlar uchun gigiyena va yuqumli kasalliklarning oldini olishga oid tushuntirish ishlari ham olib borildi. Ular bolalar bilan ishlashda shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, ovqat tayyorlash va tarqatishdagi sanitariya qoidalari haqida batafsil ma’lumot olishdi.

  Ushbu kompleks tadbirlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom va xavfsiz muhitni yaratish, bolalar o‘rtasida turli infektsion kasalliklarning oldini olish hamda ularning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlashga xizmat qiladi.

  Eslatib o‘tamiz, bu kabi sanitariya tadbirlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida muntazam ravishda o‘tkaziladi. Bu esa sog‘lom avlodni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Powered by GSpeech