Bu — xorij emas, bu — poytaxtimizning Yunusobod tumani!
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va modernizatsiya ishlari har bir hududda yangi qiyofa kasb etmoqda. Shuning yorqin namunasi sifatida Yunusobod tumanidagi Rixsiliy va Yuqori Qoraqamish ko‘chalarida umumiy uzunligi 4,2 km bo‘lgan zamonaviy turistik majmua bunyod etilayotganligini keltirish mumkin. Bu loyiha nafaqat tumanning ko‘rinishini yaxshilaydi, balki aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarni taqdim etadi. Yaqin kunlarda ochilishi rejalashtirilgan turizm ko‘chasi 24 soat, haftaning 7 kuni faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu majmua doimiy ravishda ishlab, mahalliy aholi va mehmonlar uchun barqaror xizmatlar taqdim etadi.
Turizm ko‘chasi doirasida savdo do‘konlari, kafelar va restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy turizm xizmatlari va turistik infratuzilma barchasi bir yerda jamlanadi. Bu yerda mehmonlar nafaqat xarid va dam olish, balki madaniy va turistik tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Loyiha amalga oshishi natijasida 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, tumanda qo‘shimcha xizmat hajmi 25,2 mlrd so‘mga ortib, byudjetga yiliga 1,12 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad tushishi kutilmoqda. Bu esa mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va investisiya muhitini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Yangi turistik ko‘chalarga har kuni 2 600 dan ortiq kishi, bir yilda esa qariyb 1 million nafar foydalanuvchi tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu ham tumanning ijtimoiy va madaniy hayotini boyitishga, ham turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, turistik ko‘chalarning ochilishi mahalliy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ham keng imkoniyat yaratadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar va kichik biznes sub’yektlari ushbu loyihadan to‘liq foyda oladi.
Ushbu turizm ko‘chasi yaqin kunlarda to‘liq ishga tushadi. Yo‘lingiz tushsa, albatta tashrif buyuring va poytaxtimizning yangi qiyofasi va zamonaviy imkoniyatlaridan bahramand bo‘ling!
O'zbekcha
Русский
English