Astrobod mahallasida muhim siyosiy voqea — mahalla raisi saylovi bo‘lib o‘tdi
Yunusobod tumanidagi “Astrobod” Mahalla fuqarolar yig‘inida jamoatchilikning faol ishtiroki asosida navbatdagi mahalla raisi saylovi o‘tkazildi. Ushbu siyosiy jarayon mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimida muhim ahamiyat kasb etib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirishga, mahalla faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan.
Saylovda nomzod sifatida uch nafar fuqaro o‘z dasturlari bilan qatnashib, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qaratilgan reja va tashabbuslarini aholi va saylovchilar e’tiboriga havola qildi. Har bir nomzod o‘zining ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirmoqchi bo‘lgan islohotlari hamda jamoatchilik bilan ishlashdagi yondashuvlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Saylov jarayonlari ochiqlik, oshkoralik va tenglik tamoyillari asosida, amaldagi qonunchilik talablariga to‘la mos holda tashkil etildi. Bunday formatdagi saylovlar joylarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, aholining siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Ko‘p yillik samarali mehnati, halolligi va tajribali rahbar sifatida mahalladoshlar ishonchini qozongan Ataxanova Gulnora Rustambekovna 310 nafar saylovchi vakildan 301 nafarining ovozini qo‘lga kiritib, mahalla raisi lavozimiga saylandi. Bu natija — fuqarolarning unga bo‘lgan ishonchi va e’tiboridan dalolat beradi.
Gulnora Rustambekovna 2012 yildan buyon mazkur lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda. Uning tashabbuslari bilan mahallada obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, aholi bilan tizimli muloqot o‘rnatish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, mahalla raisi 5 yillik muddatga saylanadi. Ushbu muddat davomida rais mahalla fuqarolari manfaatini himoya qilish, jamoatchilik asosida ishlash va hududning ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojini ta’minlashga mas’ul hisoblanadi.
O'zbekcha
Русский
English