AHOLINI RO‘YXATGA OLISH – ZAMON TALABI

03.02.2025 / 202

Xalqaro tajribaga asosan aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston hududida dastlabki aholini ro‘yxatga olish 1897 yil o‘tkazilgan, bu oilalar va aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda ham aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan. Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qo‘yilgan.      

O‘zbekiston Respublikasida ham 2020 yil 16 mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri iqtisodiy jihatdan bizga nima beradi?

Birinchidan, aholini ro‘yxatga olish mehnat va uy-joy bozorlarini rejalashtirish, respublika budjetini tuzish, transport siyosatini yuritish, elektrenergetika, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari, til va diniy siyosat masalarida juda muhim ahamiyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda, qaysi sohada bo‘lmasin, kelajakni bashorat qilish zarur bo‘lgan hollarda aholini ro‘yxatga olish natijalarisiz rejalashtirib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) hisoblashda foydalaniladi.

Uchinchidan, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qiladi.

To‘rtinchidan, aholi punktlarining infratuzulmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda ishlatiladi.

Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni oldindan baholash, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, ilm-fan  va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan BMTga a’zo davlatlarning kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan.

Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu – hududlarda xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala. Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, tegishli hududlarda uy-joy obyektlarini qurish masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Shunday qilib, aholini roʻyxatga olish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasi-yu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasi yaratiladi. Bu qimmatli ma’lumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi. Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzili aniq bo‘lsagina yuqori samara berishiga shak-shubha yo‘q.

 

 

Powered by GSpeech