AFV ETILGANLAR HAYOTGA MOSLASHMOQDA
Konstitutsiya bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, bilib-bilmay jinoyat qilgan, qilmishidan pushaymon bo‘lgan va qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolar avf etildi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish, olijanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarning namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan topshiriqlar berildi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Yunusobod tuman hokimyati Ijtimoiy moslashuv markazi tomonidan avf etilganlarni hayotga moslashtirish tadbirlari olib borilmoqda.
Xususan, Markaz tomonidan Yunusobod tumani, “Adolat” M.F.Y, 4-mavze 54-uy 30-xonadonda yashovchi, 1954 yilda tug‘ilgan Raxmadilla Samatovning oilaviy sharoiti o‘rganilib, profilaktik suhbatlar olib borildi. Uning muammolari o‘rganilib, kelgusida qayta jinoyat sodir etmasligi bo‘yicha tushunchalar berildi. R.Samatov bilan qayta jinoyat sodir etmasligi yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilib, o‘talmay qolgan jazo muddatini o‘tash tartib qoidalari tushuntirildi. Birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, kelgusida qayta jinoyat sodir etmaslik yuzasidan maxalla faollari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Mahallaning eng faol va namunali fuqarolaridan murabbiy etib biriktirildi. Bundan tashqari, R.Samatov kelgusida jamiyatga moslashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida, hududiy oilaviy shifoxonaga olib borilib, shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shuningdek, tuman hokimiligi qoshidagi Ijtimoiy moslashtirish markazi hamda Aholi bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilib, R.Samatovga O‘zbekiston Respublikasi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunning 32,34-bandlariga muvofiq mehnat faoliyati bilan band bo‘lishini ta’minlash uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi. Yunusobod tumani Ijtimoiy moslashuv markazi tomonidan unga bir martalik, ya’ni 2.062.500 so‘m moddiy yordam puli berildi.
Yunusobod tumani Ijtimoiy moslashuv markazi, jamoatchilik vakillari, hududiy profilaktika inspektorlari va Probatsiya bo‘limi xodimlari tomonidan davlat tomonidan berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
- D.Toshmuratov,
- Ijtimoiy moslashuv
markaz rahbari
O'zbekcha
Русский
English