3 martdan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi
30 000 nafar talabgorlarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi «Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon bilan joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan bo‘lib, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 baravarga oshirildi hamda dastur doirasida 30 000 nafar talabgorlarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish belgilanmoqda, deb yozadi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati.
Arizalar shu yilning 3 mart kuni soat 09:00dan boshlab jo‘natish mumkin.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin. Bunda ariza beruvchi xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin.
Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (hozirda 3,11 mln — 9,24 mln so‘m);
• Toshkent shahrida — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7−9,2 baravari (hozirda 3,11 mln so‘m — 10,62 mln so‘m).
O'zbekcha
Русский
English