3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

03.12.2024 / 430

  Oramizda shunday insonlar borki, ularning jismoniy imkoniyati cheklangan, lekin ma’naviyati yuksak, ruhi esa juda kuchli va matonatli. Afsuski, nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘pincha ishlash, ta’lim darajasini oshirish va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar. Hozirgi paytda ularning soni jahon miqyosida tahminan 1 milliard nafarni tashkil etadi. Aksariyat hollarda ular kamsitish va “qo‘li kaltalik”dan aziyat chekadilar. Albatta, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi eng katta mas’uliyat davlat zimmasiga tushadi.

   Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon qilingan. Ushbu sana butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi va bundan asosiy maqsad aqlan va jismonan nuqsoni bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

  Xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan, biroq, uni ratifikatsiya qilish masalasi hal etilmagan edi. Davlat rahbarining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ushbu masala ilgari surilib, imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish, alohida qonun qabul qilish lozimligi ta’kidlangan edi.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlar samarasi o‘laroq, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar Strategiyasining 2020 yilgi Davlat dasturiga muvofiq, 2020 yilning 15 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun imzolandi. Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yanada takomillashtirildi va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.

Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi bildirilgan va O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlangan edi.

Yurtboshimizning xalqaro tashabbusi doirasida, O‘zbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

  Mazkur Konvensiya - nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi. Shu asosda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish, harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, reabilitatsiya, siyosiy-ijtimoiy hayotda ishtirok etish bilan bog‘liq huquqlari ta’minlanmoqda.

  Bu borada  “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Yangi O‘zbekistonda inklyuziv rivojlanish, ya’ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani muhim rol o‘ynamoqda.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyilga amal qilgan holda izchil ish olib bormoqdamiz. Bugun nogironligi bo‘lgan shaxslarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, o‘z iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, mehnat bilan band bo‘lish uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan ular samarali foydalanib, hayotda yuksak marralarni egallashga qodir bo‘lgan yoshlar safi kengaymoqda. Ular  o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini to‘liq namoyon etib, hayotda o‘zining munosib o‘rnini topmoqda.

   Birgina misol, nogironligi bo‘lgan yigit-qizlar jahon maydonlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda. Jumladan, Tokioda o‘tkazilgan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qo‘lga kiritganini fahr bilan tilga olsak bo‘ladi.

Ma’lumki, nogironlarning sog‘lig‘ini saqlash, ularga ta’lim, ish berish, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish imkonini taqdim etish oson emas. Shunga qaramasdan, so‘nggi bir necha yil davomida nogiron bolalar va kattalar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ijobiy tendensiya kuzatilyapti. Shu o‘rinda mamlakatimizda ham nogironlarga e’tibor yuqori ekanini alohida ta’kidlash kerak.

  Jamiyatimizda fuqarolar dini, e’tiqodi, sog‘lig‘i, ijtimoiy ahvoli va jinsidan qat’iy nazar teng huquqlidir. Salomatligida muammo yoki nuqson bor kishilar, asosan, nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham konstitusion ham insoniylik burchimizdir.

 Mehrojiddin Darxonov, Yunusobod tumani hokimligi  Matbuot xizmati rahbari,

Axborot siyosati masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi

Powered by GSpeech