22 dekabr — Energetiklar kuni. Energetika — taraqqiyot va barqarorlikning mustahkam poydevori

22.12.2025 / 22

22 dekabr — Energetiklar kuni

Energetika — taraqqiyot va barqarorlikning mustahkam poydevori

Energetika sohasi har qanday davlatning iqtisodiy rivoji, sanoat salohiyati va aholi farovonligini ta’minlashda muhim strategik ahamiyatga ega. Aynan elektr va issiqlik energiyasining uzluksiz yetkazib berilishi tufayli ishlab chiqarish korxonalari barqaror faoliyat yuritadi, ijtimoiy soha obyektlari ishlaydi hamda kundalik hayotimiz qulay va osoyishta kechadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida energetika tizimini tubdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Elektr energetika tarmoqlarini yangilash, eskirgan infratuzilmalarni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish orqali energiya yo‘qotishlari kamaytirilib, xizmat sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Ayni paytda muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Respublikamiz hududlarida zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalarining barpo etilishi “yashil energetika”ni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda kelajak avlodlar uchun tabiiy resurslarni asrashga xizmat qilmoqda. Bu esa energetika sohasining nafaqat bugungi, balki uzoq muddatli istiqboldagi taraqqiyotini ham belgilab bermoqda.

Shu ma’noda, energetiklar mehnati jamiyat hayotining barcha jabhalarida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Ular tomonidan yaratilayotgan va uzluksiz ta’minlanayotgan energiya hayot manbai bo‘lib, har bir xonadon, har bir korxona va muassasaning barqaror faoliyatini ta’minlaydi.

Ayniqsa, qish mavsumida energetiklar zimmasiga tushadigan mas’uliyat yanada ortadi. Sovuq kunlarda aholini uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, favqulodda avariya holatlarining oldini olish hamda yuzaga kelgan nosozliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish uchun minglab fidoyi mutaxassislar tunu kun, og‘ir ob-havo sharoitlariga qaramay, xizmat olib boradilar. Ularning professional mahorati, sadoqati va mas’uliyatli mehnati tufayli shahar va qishloqlarda hayot bir maromda davom etmoqda.

Energetiklar — bu faqatgina soha vakillari emas, balki yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilayotgan haqiqiy fidoyilardir. Ularning zahmatli va sharafli mehnati doimo e’tibor va e’tirofga loyiqdir.

Hurmatli energetiklar!

Sizning fidokorona mehnatingiz, yuksak mas’uliyatingiz va sadoqatingiz tufayli har bir uyda, har bir korxonada yorug‘lik va iliqlik hukmron. Siz — mamlakatimizning barqarorligi, taraqqiyoti va farovonligining muhim tayanchi!

Sizni Energetiklar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz! Sizga kuch-quvvat, sog‘liq, baxt va oilaviy tinchlik tilaymiz. Mehnatingiz doimo e’tirof va minnatdorlik bilan qadrlanadi!

Powered by GSpeech