18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun

18.11.2024 / 1562

18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun
O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i – Vatan timsoli. Uni ko‘rganda, har bir yurtdoshimiz qalbida g‘urur, umid va ishonch uyg‘onadi.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olmaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.
Bayrog‘imiz 1992 yil 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi.
Yurtdan bir qadam olis ketgan fuqarolarimiz Vatan bayrog‘ini ko‘rganda, yuragi beixtiyor hapriqib ketadi. Ortida tog‘dek suyanchi – davlatimiz borligini his etadi.
Bayroqdagi ranglar, tasvirlar hayotbaxshligi, ya’ni unda tiriklik, tinchlik va yangilanishni aks ettiruvchi ma’no mujassamlashgani uchun ham u yuraklarimizga juda yaqin.
Ma’lumki, 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotgani, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishilib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i jahon uzra baland ko‘tarilayotganini inobatga olib, qonun bilan undan foydalanish imkoniyati yanada kengaytirildi.
Qonun bilan Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi me’yorlar joriy etildi.
Bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’yektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ham qonunda aks etdi.
Aziz Yurtdoshlar!
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Yunusobod tumani hokimligi Sizlarni muborakbod etadi!

Powered by GSpeech