14-fevral Zahiriddin Muhammad Boburning tug‘ilgan kuni
Bobur (taxallusi; to‘liq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo) (1483.14.2, Andijon 1530.26.12, Agra) — o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir; tarixchi, geograf; davlat arbobi, iste’dodli sarkarda; boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.Boburning otasi — Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi — Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonnint qizi edi. Boburning onasi o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi. Hokim yoz oylari Sirdaryo bo‘yida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda o‘tkazardi. Boburning yoshligi Andijonda o‘tgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqx ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilmfanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («Sher») laqabini oladi.
U ko‘plab iste’dodlarga ega bo‘lgan inson edi: Hindiston va Afg‘onistonni zabt etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi, lirik asarini sharq she’riyatining yorqin asarlari bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan buyuk shoir, buyuk yozuvchi, geograf va tarixchi, biolog. Uning qalbida ajdodlari va zamondoshlarining ijodi alohida o‘rin egallagan.
Javaharlal Neru, Mahatma Gandi kabi hind davlat arboblari va olimlari Bobur (1483-1530) hamda Boburiylar nafaqat Hindiston uchun, balki taraqqiy etgan dunyo tarixida ham katta ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdilar.
Bobur hamisha el-yurt, xalq uchun mas’uliyatni his etib kelgan. U o‘z oldiga Temuriylar davlatini barpo etish, Samarqand atrofida markazlashgan imperiya tuzish, shu tariqa Sohibqironning orzusini ro‘yobga chiqarish vazifasini qo‘ydi. Ammo uning istaklari amalga oshmadi. Taqdir irodasi bilan Qobulda taxtga chiqdi, Hindistonda buyuk Boburiylar imperiyasiga asos soldi.
Temuriylar sulolasining buyuk vakillari hisoblanmish boburiylar tarixi hind xalqlari tarixida o‘zining munosib o‘rniga ega. Gʻarbdagi boburshunos olimlardan biri ingliz olimi Valdemar Xansen o‘zining 1986 yilda Dehlida chop etilgan «Tovus toj yoki mo‘g‘ullar saltanati qismati» kitobida boburiylar sulolasining Hindistondagi 332 yillik faoliyatiga yuksak baho beradi: «Hindiston va uning 8 ming yillik tarixi bamisoli bir tovus bo‘lsa, o‘sha ko‘p ming yillik tarixdagi boburiylar sulolasining 332 yillik hukmronlik davri ana shu tovusning gultojisidir».
Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga bo‘linib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, o‘lka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirish kabi maqsadlarda Bobur Mirzo Hind zamini sari harbiy yurishlarini amalga oshirdi.
1525 yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Lo‘diyga qarshi jangga kirdi.1525 yil kech kuzda Bobur Panjobni bo‘ysundirdi, 1526 yilda Panipat qishlog‘i yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qo‘shini Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning ukasi Mahmud Lo‘diy qo‘shini ustidan g‘alaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatdi. 1526 yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini o‘zining 12 minglik askari bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi. 1527 yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qo‘shinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindiston bo‘ysundurdi.
Zahiriddin Bobur Hindistonda Boburiylar imeriyasiga asos solish bilan birga, pochta-aloqa sohasiga ham jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi, vaqt birligiga yangilik joriy etdi, arxitekturada Movarounnahr me’morlik uslublarini qo‘lladi, milliy artilleriya, harbiy-dengiz flotiga asos soldi.
Buyuk Boburiylar imperiyasi davri nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki Hindistonni ulkan me’moriy yodgorliklar, noyob adabiy-tadqiqot ishlari bilan boyitdi. Hindistonning Buyuk Boburiylar sulolasiga qarashli me’moriy ob’yektlari – Fotihpur-Sikridagi Shoh saroy majmuasi, Agra, Dehli va Lahor qirg‘oqlari saroylari va bog‘lari kabilardir. Boburiylar tomonidan yaratilgan bog‘larning eng ko‘zga ko‘ringan namunalari – Kashmirdagi Shalimar (1620) va Lahor bog‘lari (1642), Anantag yaqinidagi Achabal bog‘i, Chashma Shahi Bagh (1632), Kashmirdagi Nishat Bagh bog‘i (1633), Lahor, Dehli, Agra qirlari ichidagi ko‘plab bog‘lar; Qobuldagi maqbara va o‘nlab bog‘lar.
Bobur doimo bog‘dorchilik faoliyatiga alohida mehr berdi va Hindiston hamda Pokistonda hanuzgacha Samarqand nomi bilan mashhur bo‘lgan uzumning yangi navlarini o‘stirdi. Hozirgacha uning ko‘plab bog‘lari «Boburi Anguri Xudo» – «Bobur uzum bog‘lari» deb nomlanadi.
Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonni qoʼlga kiritishi tufayli Hindistonda buyuk oʼzgarishlar sodir boʼldi, san’atda, me’morchilik va madaniyatning qator sohalarida ulkan oʼzgarishlar yuz berdi. Boburning tarixchi, geograf, etnograf, nasriy yozuvchi va shoir sifatidagi layoqati hozirgi kunda jahon sharqshunoslari tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Tarixchi, iste’dodli so‘z san’atkori, davlat arbobi va sarkarda Bobur vafotidan to‘rt asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi, ammo uning nomi boqiydir.
Hindiston boburiylardan boʼlgan Humoyun, Akbarshoh, Jahongirshoh, Shohjahon davrlarida, ayniqsa gullab-yashnadi, hududlari kengaydi. Xususan, Akbarshoh va uning nabirasi Shohjahon hind xalqining qalbidan chuqur joy oldilar.
Boburshohning yuragi ba’zan Vatanni – Andijonni qo‘msab tursa ham, vaqti soati kelib boqiy dunyoga ketgunicha hayotining qolgan qismini Hindistonda bunyodkorlik, davlat va ma’muriy ishlarni odilona hal qilish bilan o‘tkazdi. Boburiylar butun dunyoga mashhur bo‘lgan tarixiy obidalarni bunyod etdilarki, ular hozirda ham dunyoni lol qoldirib kelmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Bobur va boburiylar xalqimizning buyuk farzandlaridir. Ular o‘zlarining serqirra faoliyati va ijod durdonalari bilan jahon madaniyati tarixiga munosib hissa qo‘shdilar.
O'zbekcha
Русский
English