100 YOSH — QUTLUGʻ BO‘LSIN
Yunusobod tumani “Oq tepa” mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, jonajon Vatanimiz tinchligi va mustaqilligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, butun umrini el-yurti ravnaqiga bag‘ishlagan, barchamizga ham o‘rnak, ham namuna bo‘lgan tirik afsona — Imomomov To‘lagan otaxon o‘zining 100 yoshlik muborak to‘yini qarshi oldi.
To‘lagan otaxon hayotining eng ulug‘, qutlug‘ va unutilmas kuni bo‘ldi. Yubiley munosabati bilan otaxonni tabriklash uchun Xalq deputatlari Yunusobod tumani kengashi deputati, tuman “Nuroniy” jamg‘armasi raisi I. Ashrapova, tuman “Inson” ijtimoiy himoya markazi rahbari F. Zohidova, “Oq tepa” mahalla raisi va Xalq deputatlari tuman kengashi deputati N. Usmonov hamda mahallaning “Keksalar maslahat guruhi” a’zolari va faollar tashrif buyurdilar.
Ularning tomonidan otaxonga esdalik sovg‘alari topshirildi, samimiy tabriklar izhor etildi.
Uchrashuv davomida mehmonlar otaxon bilan dildan suhbat qurdilar. To‘lagan otaxon tinch va osuda hayot kechirayotganidan mamnun ekanligini bildirib, bugungi tinchlik va farovonlik muhitini yaratishda Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar — inson qadrini ulug‘lash, keksalarga e’tibor va mehr ko‘rsatish siyosatini yuksak baholadi.
— «Bugun el tinch, yurt obod. Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xalqimizga yaratilayotgan sharoitlar uchun Yurtboshimizga minnatdorman. Alloh yurtimizga doimo tinchlik bersin», — dedi otaxon duo bilan.
Tadbir so‘ngida To‘lagan otaxonga cheksiz sog‘lik, tinch va uzoq umr tilab, duolari olindi.
O'zbekcha
Русский
English