1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

30.09.2024 / 432

Ilm-ma’rifat – insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot beruvchi buyuk ne’mat. Imom Buxoriyning o‘n ikki asr avval “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” degan fikrlari buning yorqin dalili bo‘la oladi. Shu bois ajdodlarimiz qadimdan ilm-ma’rifat va farzand ta’lim-tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratib keladi. Bugun bu an’ana davom etmoqda va so‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan hamda diniy ma’rifatga berilayotgan e’tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini berishi shubhasiz.

Mamlakatimizda 1997 yildan buyon “1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumhalq bayrami sifatida nishonlanib kelinmokda.

Aziz xalqimizning bir naqlida: “Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, bug‘doy ek, o‘n yil yahshilik qilmoqchi bo‘lsang, ta’lim-tarbiya ber”- deyilgan. 

Ma’lumki, mamlakatimiz oldida turgan eng muhim maqsad-vazifa: dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shunday sharafli vazifani uddalaydigan ishonchli, kuchli, o‘z bilimi va iste’dodiga suyangan, hech kimdan kam bo‘lmagan, bugun jamiyat hayotiga dadil kirib borayotgan navqiron avlodni tarbiyalash zarur.

Bu borada o‘ta mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan, bu yo‘lda o‘zini ayamasdan mehnat qilayotgan fidoyi o‘qituvchilar va murabbiylarning zahmati har qancha maqtovga loyiq. Yurtboshimiz aytganlaridek, “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”.

Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ilm-ma’rifatni yuksaltirish asosida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Bu boradi eng avvalo, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar nazarda tutilgan. Zero, ma’naviy yuksak va ilmiy jihatdan salohiyatli avlod jamiyat tayanchi bo‘ladi.
  
Bugun biz o‘z qalb qo‘rini, qo‘z nurini, mehr-muhabbatini, kelajagi buyuk yurtga barkamol avlodlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani zimmalariga olib, bu oliyjanob ishni sharaf bilan bajarishga bel bog‘lagan ustozlarimizni, muallimu murabbiylarimizni qutlaymiz.

Powered by GSpeech