Navbatdagi sayyor qabul—fuqarolar muammolariga amaliy yechim izlаndi
Bugun Toshkent shahar hokimi maslahatchisi A.X. To‘xtayev, Yunusobod tumani hokimi B.A. Abduvaliev hamda Respublika ishchi guruhi a’zolari ishtirokida Yunusobod tumanidagi “Uvaysiy” mahalla fuqarolar yig‘inida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qabul mahalliy aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida aniqlash va yechim topishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida mahallada istiqomat qiluvchi yuzlab fuqarolar o‘z murojaatlari, taklif va fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuvda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar, uy-joy masalalari, ta’lim, tibbiyot, yo‘l-infratuzilmasi, ijtimoiy himoya, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa ko‘plab dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Har bir murojaat alohida qayd etildi, ularni joyida o‘rganish va tezkor hal qilish maqsadida mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolarning aksariyati yuzasidan qabul jarayonidayoq yechimga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Qabul jarayonida fuqarolarning murojaatlarini kompleks o‘rganish, muammolarning manbasini tahlil qilish hamda natijadorlikka erishishga alohida e’tibor qaratildi. Barcha ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha nazorat kartasi shakllantirildi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Ushbu sayyor qabul mahalliy hokimiyat organlari va aholi o‘rtasidagi ishonchli aloqalarni mustahkamlash, har bir fuqaroning muammosiga befarq bo‘lmaslik, davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
O'zbekcha
Русский
English