"Loyihalar yarmarkasi" bo‘lib o‘tdi
Yunusobod tumanidagi Yoshlar markazida Yunusobod tumani hokimligi tashabbusi hamda tijorat banklari hamkorligida navbatdagi "Loyihalar yarmarkasi" bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan tijorat banklari, faol tadbirkorlar, o‘z biznesini boshlash niyatida bo‘lgan yoshlar va aholi vakillari faol ishtirok etdi. Loyihalar yarmarkasi doirasida ishtirokchilar o‘z biznes g‘oya va loyihalarini taqdim etishdi, bank va moliya tashkilotlari vakillari esa ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganishdi. Bu jarayon orqali ishtirokchilar real investitsiya hamkorlarini topish va amaliyotda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan ma'lumot va maslahatlarga ega bo‘lishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — tijorat banklari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi biznes g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning iqtisodiy faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida bank mutaxassislari ishtirokchilarga loyihalarni moliyalashtirish shartlari, kredit ajratish mexanizmlari, biznes reja tuzish qoidalari va moliyaviy xatarlarni baholash kabi masalalar yuzasidan keng qamrovli amaliy seminar va maslahatlar berishdi.
Loyihalar yarmarkasi nafaqat istiqbolli g‘oyalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda, balki yoshlar va aholining tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishda muhim maydon sifatida xizmat qilmoqda.
Bunday tadbirlar doimiy va tizimli ravishda tashkil etilishi tumanidagi investitsion muhitni yaxshilash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, shuningdek, yoshlarni ish bilan ta'minlashda muhim omil hisoblanadi.
O'zbekcha
Русский
English